13 Noyabr 2020 yil 467

El ishini er qilur

Aholi murojaatlari bilan ishlash, ularning dardu tashvishlariga sherik bo'lish, qiynayotgan muammolarini bartaraf etishga ko'maklashish bugun har bir rahbar oldida turgan muhim vazifa sanalmoqda. Shu bois joylarda muntazam ravishda sektor rahbarlarining ochiq uchrashuvlari tashkil etilmoqda. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i polkovnik A.Ismoilov hamda viloyat hokimining birinchi o'rinbosari R.Pardaevlarning termizlik yoshlar va ayollar bilan uchrashuvi ana shu maqsadda tashkil etildi.
Sayyor qabul Termiz shahrining "Pattakesar" mahallasida joylashgan 3-sektor hududida bo'lib o'tdi.
Unda kelib tushgan murojaatlarning asosiiy qismini ijtimoiy-huquqiy, maishiy, ichki ishlar organlariga ishga kirish, aliment undirish, kredit olish, qarzni undirish, uy-joy va nizoli holatlarga chek qo'yish kabi qator masalalar tashkil etdi. Muammolar echimiga kirishish asnosida aksariyati joyida ijobiy hal etildi. Qo'shimcha vaqt talab etadigan murojaatlar esa nazoratga olindi. Shuningdek, ayrim fuqarolarga yo'l-yo'riq ko'rsatilib, xuquqiy maslahatlar berildi.
Qabul davomida 37 nafar fuqaroning murojaati tinglandi.
Shu kuni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i "Surxon oshpazi" ma'suliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi. Kichik korxonada 13 turdagi shirinliklar ishlab chiqarilmoqda. Hozirda 28 nafar yosh doimiy, 32 nafar yosh esa mavsumiy ish bilan ta'minlangan. Kelgusida korxona faoliyatini yanada kengaytirish masalasi ham muhokama etildi.
Aytish kerakki, sayyor qabullarda ko'tarilayotgan asosiy muammolar mahalla, tumanlar kesimida hal bo'ladi. Ammo ularning yuqori tashkilotlargacha chiqib borishi, mas'ul mutasaddilarning asosiy vazifasidan uzoqlashib qolayotganidandir. Qabul jarayonida mana shu kabi salbiy holatlar aniq misollar bilan keltirildi.
Sayyor qabul viloyat bo'ylab davom etadi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech