2 Fevral 2023 yil 207

Muzrabot va Sherobod tumanlarida 10 ming gektar yer maydoni foydalanishga kiritilmoqda

Davlat rahbarining topshiriqlariga asosan Surxondaryo viloyatida ham foydalanishdan chiqqan, ball boniteti past bo‘lgan maydonlarni foydalanishga kiritish, yerga ishlov berib, unda hosildorligi yuqori bo‘lgan ekinlar yetishtirish ishlari olib borilmoqda.

Bugun viloyat hokimining Muzrabot tumaniga tashrifi davomida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti, xususan “Baxodir log‘on tekstil” qo‘shma korxonasi tomonidan Muzrabot va Sherobod tumanlari hududidan 10 ming gektar yer maydonini foydalanishga kiritish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi.

Qo‘shma korxona tomonidan yer maydonlarini o‘zlashtirish, foydalanishga kiritish, yuqori hosildorlikka ega bo‘lgan paxta navlarini yetishtirish maqsadida Farg‘ona viloyatidan 72 ta maxsus texnika va traktorlar keltirilgan. Bugungi kunda traktorlar yordamida o‘zlashtirilgan maydonlarni chigit ekishga tayyorlash maqsadida tekislash ishlari olib borilmoqda.

Mutasaddilar loyihalar bilan tanishib, o‘zlarining taklif va tavsiyalarini berishdi. Mas’ullarga loyihalarni puxta ishlab chiqish, sifatli amalga oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha vazifa va topshiriqlar belgilab berildi.

Text to speech