16 Fevral 2021 yil 583

Sayyor uchrashuvda muammolar o'z echimini topmoqda

Surxondaryo viloyati IIB boshlig'i, polkovnik A.Ismoilov hamda viloyat 3-sektor ishchi guruhi a'zolari tomonidan navbatdagi sayyor uchrashuvlari Denov, Sho'rchi, Qumqo'rg'on, Jarqo'rg'on, Boysun, Bandixon va Sherobod tumanlaridagi 3-sektor hududlaridagi mahallalarda bo'lib o'tdi.
Qabul jarayonida viloyat IIB boshlig'i yoshlar va ayollarning murojaatini tinglar ekan, jami 400 ga yaqin turli sohaga doir masalalar ko'rib chiqildi. Misol uchun, birgina dehqon xo'jaligi tashkil etish, er ajratilishi bo'yicha qilingan 77 ta murojaatchining 40 nafariga poliz mahsulotlari etishtirish uchun 0,25 sotixdan er maydoni ajratib berildi. Shuningdek, 8 ta xonadon vakili yashash uyida elektr toki mavjud emasligini ma'lum qilib, ko'mak so'raganda ularning murojaati elektr ta'minoti xodimlari ishtirokida o'rganilib, joyida bartaraf etildi.
Yog'ingarchilik kunlarda loy ko'chadan o'tishning o'zi bo'lmaydi. Yoz-yorug'da esa tuproqning changidan odamlar aziyat chekishadi. Ko'plab tumanlarimizning chekka hududlarida bunday ko'chalar ko'pligi sir emas. Qabulda aksar fuqarolarning dardu-tashvishi ichki yo'llarni toshlash, ta'mirlash, kengaytirish ekanligi yanada oydinlashdi. Muhimi, ushbu murojaatlarning barchasi hal etildi. Bundan tashqari, Qumqo'rg'on, Jarqo'rg'on, Boysun, Bandixon hamda Sherobod tumanlaridagi hududlarda katta ariqlarga temir-beton qoplamali truba qo'yilib, atrofi tosh bilan qoplanib, aholi uchun qulaylik ham yaratildi.
Ayniqsa, sayyor uchrashuvga kelgan aholi uchun o'sha erning o'zida chuqurlashtirilgan tibbiy ko'riklar tashkil etilgani ko'pchilik uchun ayni muddao bo'ldi. Tibbiy yordamga muhtoj qatlamini o'rganish bo'yicha esa malakali tibbiyot xodimlari jalb etilib, 1500 nafarga yaqin fuqaro ko'rikdan o'tkazildi. Ularning 547 nafari ambulator usulda, 41 nafariga esa stasionar ravishda davolanishi uchun yo'llanma berildi. Qumqo'rg'on tumanidagi "g'alaba" mahallasida yashovchi I guruh nogironi g.Donaevaga 1 dona nogironlik aravachasi va II guruh nogironi y.Mardanaqulovga 1 dona qo'l tayoqchasi ham berildi.
Xabaringiz bor, qishloqlarda tabiiy gaz etib bormagan hududlarda odamlar asosan suyultirilgan gazdan foydalanishadi. Ayrim xonadonlar gaz ballonlari bilan ta'minlashni so'rab ham murojaat qilishganda ularning 17 tasiga o'sha kunning o'zidayoq suyultirilgan gaz ballonlari olib berildi.
Murojaatchilar orasida 23 nafar fuqaro ish bilan ta'minlangani shuncha xonadonning ro'zg'origa baraka kirdi.
Shu bilan bir qatorda, imtiyozli kredit olish, eskirgan sim yog'ochlarni almashtirish, toza ichimlik suvi bilan ta'minlanish, uy-joyni kadastr qilish bo'yicha ham murojaatlar kelib tushdi. Ularning ayrimlari echim topgan bo'lsa, ma'lum vaqt talab qiladiganlari esa nazoratga olindi.
Uchrashuvlar davomida yoshlarni kasbga qiziqtirish uchun ularga mutaxassislar, hunarmandlar va yosh tadbirkorlar tomonidan tadbirkorlikka jalb qilish va boshqa belgilab berilgan yo'nalishlar bo'yicha tushunchalar ham berilib o'tildi.
Har bir hududdagi 17 ta ehtiyojmand oila vakillariga 13 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ham tarqatildi. Bu bilan cheklanib qolmasdan, ko'makka muhtoj oilalarning uy-joyini ta'mirlash, tomorqasini ekishga tayyorlash va urug'liklar olib berish bo'yicha ham amaliy yordamlar ko'rsatilgani ko'plab xonadon vakillarining muammolartini hal etdi.
Albatta, bunday uchrashuvlar sektor rahbarlari bilan aholini yanada yaqinlashtiradi. Muhimi, odamlarni qiynayotgan masalalar joyiga borib batafsil o'rganilgach, ularning echimlari ham ochiq-oydin yuzaga chiqadi. Asosiysi esa, xalqning roziligi, ertangi kunga ishonchi uyg'onishiga xizmat qiladi.

Surxondaryoviloyati IIB Axborotxizmati

Text to speech