22 Mart 2023 yil 164

Surxondaryo viloyati IIBda 21-mart Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan arzonlashtirilgan  oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.

     Viloyat IIB boshlig‘ining 2023 yil 16 mart kunidagi “Ichki ishlar organlarida Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishining ijrosini ta’minlash maqsadida, Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati ham ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan xodimlar va ishchi xizmatchilar uchun bayram oldidan arzonlashtirilgan oziq-ovqat savdo yarmarkasini tashkil qildi. Viloyat IIB hovlisida tashkil etilgan yarmarka rastalarida sifatli va arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, un, yog‘, shakar, poliz mahsulotlari, meva-sabzavotlar, turli yaxna ichimliklar, baliq, mol, qo‘y va tovuq go‘sht mahsulotlari, tuxum va boshqa turdagi har xil mahsulotlar o‘rin olgan.

– Hamkasblarim bilan birga Navro‘z dasturxoni uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qildim. Eng muhimi, mahsulotlar hamyonbob arzon va sifatli. Endi bozorga borib, vaqtimizni yo‘qotmaymiz. Bunday yaratilgan qulayliklardan boshqa hamkasblarim qatori men ham mamnunman, shu o‘rinda ushbu arzonlashtirilgan Savdo yarmarkasini tashkil qilib bergan rahbariyatimizga minnadorchiligimni izhor etaman, – deydi viloyat IIB xodimi, kapitan Bexruz Qoraev.

Arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi viloyatning barcha shahar-tuman ichki ishlar bo‘limlarida ham tashkil etilmoqda

 Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech