2 Iyun 2023 yil 305

Surxondaryoda 6 ta tuman g‘allakorlari mamlakatimizda birinchi bo‘lib belgilangan rejani bajardi

Joriy yil hosili uchun Angorda 6 500, Bandixonda 4 688, Jarqo‘rg‘onda 7 877, Qiziriqda 10 190, Muzrabotda 10 700 va Termiz tumanida 2 900 gektar maydonda mahalliy iqlim va tuproq sharoitiga mos, ertapishar va serhosil navli urug‘lar ekildi. Ekinlar zamonaviy texnologiyalar asosida parvarish qilinishi samarasida kutilgan hosil yetishtirildi.

Hosilni qisqa fursatlarda yig‘ishtirib olish ishlari oqilona tashkil etilishi natijasida joriy yil 1 iyun holatiga Angorda 9 171, Bandixonda 13 520, Jarqo‘rg‘onda 18 131, Qiziriqda 23 437, Muzrabotda 23 609 va Termiz tumanida 5 809 tonna tovar don yig‘ib olinib, reja mamlakatimizda birinchi bo‘lib ortig‘i bilan bajarildi.

O‘rib olingan maydonlarda o‘rtacha hosildorlik 77-80 sentnerni tashkil etgani holda, ilg‘or fermer xo‘jaliklari tomonidan bir gektar g‘alla maydonidan 100 sentnergacha hosil olinishiga erishildi. Ko‘tarilgan xirmonga tumanlarda faoliyat yuritayotgan klasterlar va fermer xo‘jaliklari birdek katta hissa qo‘shdi.

Hozirda viloyat bo‘ylab qolgan maydonlardagi hosilni yig‘ishtirib olish ishlari qizg‘in davom etmoqda.

Bugun viloyat hokimligida o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov belgilangan rejani mamlakatimizda birinchi bo‘lib bajargan 6 ta tumanning sektor rahbarlari, eng ilg‘or fermer xo‘jaliklari va klasterlar rahbarlarini erishilgan natija bilan tabriklab, ularning samarali mehnatlarini rag‘batlantirish maqsadida viloyat hokimligining sovg‘alarini topshirdi.

Text to speech