27 Noyabr 2022 yil 240

Voyaga yetmaganlar uchun xayriya tadbiri o‘tkazildi

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida xayriya tadbiri o‘tkazildi. Tadbir markazda saqlanayotgan bolalarni ruhiyatini ko‘tarish, sog‘lom turmush tarziga qaytarish maqsadida viloyat IIB JXX Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i mayor A.Xudoyberdievning tashabbusi bilan tashkil etildi.

IIB xodimlari tomonidan ehson tariqasida xayriya qilinib, jonliq so‘yilib, tadbirga kelgan mehmonlar bilan birgalikda markazda saqlanayotgan bolalarga xayriya dasturxoni yozildi.

Aytish kerakki, Markaz 24 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, voyaga yetmagan bolalarni har kuni 3 mahal issiq ovqat bilan ta’minlash uchun autsorsing xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Markazda 18 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan bo‘lib, markaz faoliyati doimiy nazoratda bo‘lish uchun viloyat IIBga integratsiya qilindi.

2022 yilning 10 oyi davomida 1816 nafar voyaga yetmaganlar qabul qilingan bo‘lib, shundan 12 nafari Respublika o‘g‘il va qiz bolalar O‘TMga, 7 nafari ixtisoslashtirilgan o‘quv muassasalariga, 2 nafari mehribonlik uylari va oilaviy bolalar uyiga, 6 nafar voyaga yetmaganlar vasiylik va homiylikka topshirildi.

Joriy yilda 1816 nafar qabul qilingan voyaga yetmaganlar yashash uyiga qaytarilganligi munosabati bilan barchasiga xabarnoma yuborilgan bo‘lib, shulardan 1778 nafar voyaga yetmaganlar shahar-tuman mutaxassis psixologlar tomonidan o‘rganilib sog‘lom turmush tarziga qaytarildi.

Xayriya tadbirida viloyat IIB boshlig‘i polkovnik A.Ismoilov markazda saqlanayotgan bolalarining har biri suhbat olib borib, markazda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, voyaga yetmagan bolalarga sovg‘alar ulashdi.

Shuningdek, viloyat IIB boshlig‘i polkovnik A.Ismoilov tomonidan markazda saqlanayotgan voyaga yetmaganlarni bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tkazish maqsadida turli xil sport anjomlari xayriya qilinib, bolalarni ko‘tarinki kayfiyatida bo‘lishi uchun sport mashg‘ulotlari ham o‘tkazildi. Qolaversa, viloyat IIB boshlig‘i tomonidan markazda saqlanayotgan va markazdan yashash uylariga qaytarilgan bolalarni yashash sharoiti, oilaviy muhitini o‘rganib borish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish bo‘yicha tegishli topshiriq berildi.

Va A.Ismoilov ushbu muassasada vaqtincha saqlanayotgan har bir o‘g‘il-qizning kelajak taqdiri bilan jiddiy shug‘ullanish kerak, ota-onalari bilan profilaktik suhbat olib borib tegishli davlat tashkilot va idoralarga topshiriq va ko‘rsatmalar berish lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

Bundan tashqari, viloyat IIB JXX Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i mayor A.A.Xudoyberdiev tomonidan markazda mavjud bo‘lgan kutubxonada saqlanayotgan voyaga yetmaganlarni bilim olishlari uchun badiiy ertak va darslik kitoblari olib kelinib, markaz kutubxonasi yanada boyitildi. Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish Markaziga voyaga yetmaganlarni qabul qilish, joylashtirish, saqlash, ijtimoiy va madaniy tadbirlarni tashkillashtirish, o‘quv darsliklarini o‘tkazish hamda ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga topshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar yanada takomillashtirilmoqda.

Text to speech